07.11.2024
Prezidentimiz tomonidan 2024-yilning 4-mart kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-114-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Yo‘l xaritasi”da respublikada aholini ro‘yxatga olish 2025-2026 yillarda o‘tkazilishi belgilangan.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi “2026-yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni loyihasi hamda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida 2026-yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish, uni o‘tkazish, natijalarini tahlil qilish va e’lon qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihalari (2024-yilning 8-noyabrigacha muhokamasi davom etadi) e’lon qilindi.
Loyihalarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish 2026-yil 15-iyuldan 21-avgustgacha o‘tkazish belgilangan.
Aholini ro‘yxatga olishga ko‘maklashish maqsadida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida Respublika komissiyasi hamda hududiy komissiyalar tashkil etiladi.
2024-2026-yillarda Jahon bankining imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan aholini ro‘yxatga olish uchun zarur texnik va dasturiy vositalar xarid qilinadi.
2025-yil 1-iyulga qadar mas’ul idoralarga aholi punktlari va ko‘chalar nomlari, uylar va hovlilarning to‘liq raqamlanganlik ko‘rsatkichlarini o‘rnatishni yakunlash topshirildi.
Loyiha muhokamasi 6-noyabrga qadar davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 1989-yildan buyon aholini ro‘yxatga olmagan.
Prezident Farmoniga muvofiq, aholini ro‘yxatga olish 2022-yilda o‘tkazish rejalashtirilgan edi, ammo COVID-19 pandemiyasi tufayli 2023-yilga ko‘chirilgandi.
O‘tgan yilning noyabr oyida aholini elektron ro‘yxatga olish o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.
Shu maqsadda, aholini ro‘yxatga olishning maxsus sayti https://aholi.stat.uz joriy etildi, "Yangi O‘zbekistonning bir qismi bo‘l!" tadbirining logotipi va shiori tayyorlandi.