19.02.2024
Toshrabot, Vang‘ozi va Bo‘stondan tumanning sharq tomoni – Ko‘ktog‘ga qarab borilsa, uyum-uyum qizil rangli barxan tepaliklar ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladi. Bundan yuz yil oldin ham hozirgi Qiziltepa shahri o‘rni yaydoq bo‘lgan va Ko‘ktog‘ yon-atroflari yaqqol ko‘ringan. Shuning uchun odamlar qadimdan bu joylarni Qiziltepa deb atashgan.
Hozirgi shaharnining shimoliy-g‘arbida Qiziltepa yodgorligi bor va u Kampirak devor tizimidagi shahar-qal’a bo‘lgan, uning janubi-g‘arbida 200 metrcha masofada Kampirak devor qoldiqlari hozir ham saqlanib qolgan.
Arablar o‘z bosqini davrida shaharsozlik, ma’naviyatning naqadar rivojlanganidan hayratda qolgan bo‘lsa, 1878-yilda Kasbiy O‘rta Osiyo temir yo‘li loyihasini tuzgan ruslar ham uning geografik joylashuvi va boshqa iqtisodiy tomonlarini e’tiborga olganlar. Shuning uchun Qiziltepa stansiyasini qurilish loyihasiga kiritganlar. 1888-yili Qiziltepa temir yo‘li vokzali, temir yo‘lchilar ko‘chasi, ustaxona, suv saqlanish minorasi qurilgan. Gap shundaki, u vaqtlar poyezdlar parovoz bilan harakatga keltirilgani uchun Zarafshon daryosidan stansiyagacha temir yo‘l tortilib, suv tashilgan va bu parovozlarga qo‘yilgan. Ana shu sana bilan Qiziltepa toponimi tarix sahifalaridan joy olgan.
1935-yil 9 fevralda O‘zbekiston SSR Markaziy ijroiya qo‘mitasining qarori bilan Qiziltepa tumani tashkil etilib, uning markazi Qiziltepa stansiyasi deb belgilangan. Keyinchalik markaz Bo‘stonga ko‘chirilgan. 1962-yili tumanimiz Gʻijduvonga qo‘shilgan.
1970-yil 7-dekabrda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining 1811-sonli qarori bilan Qiziltepa tumani qayta tashkil etilib, uning markazi qilib Qiziltepa temir yo‘l stansiyasi belgilangan.
O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining 1979-yil 6 noyabrdagi 586-qarori bilan tuman markaziga tumanga bo‘ysunuvchi shahar maqomi berilgan.
Tuman nomining sobiq sho‘ro tuzumi bilan bog‘liq qizilga sig‘inishga hech qanday aloqasi yo‘q.